Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan “Yoshlar bandligi dasturlari” ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida brifing tashkil etildi.
Raqamli texnologiyalar vazirining yoshlar masalalari bo’yicha maslahatchisi Fazliddin Anvarov ta’kidlaganidek, bugungi kunga qadar Raqamli texnologiyalar Vazirligi hamda vazirlik tizimidagi tashkilotlarga 370 dan ortiq yoshlar ishga qabul qilindi.
Yoshlarning IT ko‘nikmalarini shakllantirish, zamonaviy kasblarga o‘qitish va ta’limni raqamlashtirish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda:
Bugungi kunda mamlakatimizda IT sohasidagi oliy ta’lim muassasalari soni 60 dan va ularda tahsil olayotgan talabalar soni 50 mingdan nafardan ortdi.
Xususan, vazirlik tizimidagi IT oliy ta’lim muassasalarida xususan, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent Axborot Texnologiyalari universiteti va uning 6 ta filiali, Toshkent shahridagi Inxa va Amiti universitetlari tomonidan 35 dan ortiq mutaxassisliklar bo‘yicha 29 ming nafardan ortiq oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlanmoqda.
Shuningdek, 2022-yilda “EPAM Systems” xalqaro IT kompaniya bilan hamkorlikda birinchi onlayn shakldagi “IT Park University” raqamli universiteti faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Bundan tashqari, Qorako‘l IT klasterini tashkil yetish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining joriy yil 5-iyuldagi 273-qarori qabul qilindi. Ushbu klasterda 2023/2024-o‘quv yilidan IT yo‘nalish bo‘yicha Buxoro viloyatida Hindiston bilan hamkorlikda Acharya Universiteti tashkil etildi.
Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan “Bir million dasturchi” loyihasining navbatdagi bosqichini amalga oshirish maqsadida yoshlarga uzbekcoders.uz platformasi orqali AQSHning “Coursera” kompaniyasining onlayn ta’lim resurslaridan foydalanish imkoniyati yaratildi.
Ushbu loyiha doirasida 2023–2025-yillarda 1,2 mln. nafar yoshlar 8 ta yo‘nalishdagi onlayn kurslardan bepul ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.
Bugungi kunda uzbekcoders.uz sayti orqali “Coursera” platformasidan ro‘yxatdan o‘tgan o‘quvchilar soni 316 325 nafar ulardan 314 ming nafari aktiv o‘qiyotgan o‘quvchilar hisoblanadi. O‘quvchilarning 162 901 nafarini erkaklar, 153 424 nafarini ayollar tashkil etdi.
Ma’lumot uchun: IT sohadagi o‘quv kurslarda tahsil olayotgan yoki ushbu o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan 15 ming nafardan ortiq yoshlar kompyuter xarid qilish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda iste’mol kreditlari ajratildi.
Xalqaro IT sertifikatlarini olish uchun 50 foizgacha xarajatlarini qoplash bo‘yicha “IT-istedod” portali ishga tushirildi, shuningdek, Yagona interaktiv davlat xizmatlar portali (“my.gov.uz”) orqali arizalarni qabul qilish uchun “Xalqaro IT sertifikatlarini olish hamda o‘qish xarajatlarining 50 foizgacha bo‘lgan qismini qoplab berish” xizmati joriy etildi.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida hozirgi kunga qadar xalqaro IT sertifikatini olish uchun qatnashgan jami yoshlar soni 1600 nafardan ortiq bo‘lib, shundan: 735 nafar yoshlarga jami 1 mlrd. so‘m dan ortiq xarajatlari qoplab berilgan. Jumladan, 2023-yil hozirgi kunga qadar 285 nafar yoshlarga jami 618,3 mln.so‘m miqdorida xarajatlar qoplab berildi.
Aholini raqamli ko‘nikmalarini oshirish maqsadida respublika bo‘yicha 205 ta raqamli texnologiyalar o‘quv markazlarida 400 ga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratilgan bo‘lib ularda hozirgi kunga qadar 195 ming nafardan ortiq tinglovchilar malakasini oshirdi. Shundan, 39 ming nafardan ortig‘i davlat xizmatchilaridir.
Iqtidorli yoshlarni saralash, qo‘shimcha o‘qitish hamda xalqaro mehnat bozoriga tayyorlash tizimini joriy etish va zamonaviy IT kasblarga o‘qitish tizimi “IT Skills” tizimini yaratish choralari qo‘rilmoqda;
Bunda, har yili 50 ming nafardan ortiq IT ga qiziquvchi yoshlarning bazasi yaratiladi, 5 ming nafar iqtidorli yoshlar bilim va ko‘nikmalari oshirilib, xalqaro mehnat bozoriga tayyorlanadi.