Texnika fanlari doktori, professor Shavkat Fozilov

Cover Image for Texnika fanlari doktori, professor Shavkat Fozilov

Texnika fanlari doktori, professor Shavkat Xayrullaevich Fozilov 1949-yil 14-yanvarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Nukus shahrida tavallud topgan. Shavkat Fozilov bugungi kunga qadar bir qator lavozimlarda, xususan “Axborot-kommunikatsiyasi texnologiyalari ilmiy-innovatsion markazi” davlat muassasasida Ilmiy tadqiqot instituti direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, bosh ilmiy xodim, “Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti” davlat muassasasida labaratoriya mudiri, direktor maslahatchisi va loyiha rahbari sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.

Shavkat Fozilov sun’iy intellekt sohasida tan olingan yetuk olim bo‘lib, ushbu soha rivojiga katta hissa qo‘shgan hamda timsollarni tanib olish va mashinaviy o‘qitish muammolarini hal qilish kontekstida katta ilmiy natijalarga erishgan. uning har xil tipdagi ma’lumotlarni intellektual tahlil qilish bo‘yicha taklif qilingan belgilarning tavsifiy va abstrakt qiymatlaridan ularning sonli ko‘rinishiga o‘tish imkonini beruvchi yondashuvi alohida ta’kidlanadi.

2003-yilda professor Sh.X. Fozilov tashabbusi va faol ishtirokida, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tizimidagi birinchi va yagona “Kompyuter texnologiyalari” akademik litseyi Fanlar akademiyasi Kibernetika instituti qoshida tashkil etilgan bo‘lib, ushbu institutning yetakchi olimlari iqtidorli o‘quvchilar bilan darsdan tashqari mashg‘ulotlar o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yilgan.

Shavkat Fozilov tomonidan timsollarni tanib olish masalalarida shovqinli va kam informativ belgilarni tashlab yuborish orqali optimal murakkablikdagi tanib olish algoritmlarining modellarini shakllantirish imkonini beruvchi informativ belgilarni tanlashning samarali usullari yaratilgan. Ayni paytda Sh. Fozilov rahbarligida shaxsni identifikatsiya qilish yordamida biometrik texnologiyalarining nazariy asoslarini ishlab chiqish bilan bog‘liq respublikamiz uchun yangi yo‘nalish rivojlanmoqda. Ushbu texnologiyalar ko‘plab amaliy tadbiqlarga ega bo‘lib, jumladan, yopiq binolarga kirishni nazorat qilish, faol videokuzatuv tizimlari, sud-tibbiy ekspertiza, kompyuter bilan insonning o‘zaro aloqasi, “Xavfsiz shahar” tizimi va boshqalarda joriy qilinishi mumkin.

Professor Sh.Fozilov uzoq yillar davomida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi “Informatika va energetika muammolari” O‘zbekiston jurnalining bosh muharriri bo‘lib ishlab kelmoqda. Shuningdek, hozirda “Axborot xavfsizligini ta’minlash tizimlarida foydalanuvchilarni biometrik avtorizatsiya qilishning integratsiyalashgan texnologiyalarining nazariy asoslarini yaratish” mavzusidagi fundamental tadqiqotlar bo‘yicha ilmiy loyihaning ilmiy rahbari hisoblanadi. Shuningdek, Shavkat Fozilov  1997-yilda “Gripp epidemiyasini prognozlash modellarini takomillashtirish bo‘yicha ishlar ko‘lamini muddatidan oldin yakunlanganligi va mashinasozlik qurilishda faol ishtirok etgani uchun minnatdorlik bildirish”, 1987-yilda “Milliy iqtisodiyotni rivojlantirishda erishgan yutuqlari uchun” bronza medali bilan taqdirlangan.

Professor Shavkat Fozilov ilmiy rahbarligida 4 nafar fan doktori hamda 16 nafar fan nomzodi va falsafa fanlari doktorlari tayyorlangan.