Qodirov Qahramon Rahmonovich 1968-yil, 22-oktabrda Qashqadaryo viloyati, Dehqonobod tumanida tavallud topgan. 1993-yil Samarqand davlat universitetini tamomlagan. Mehnat faoliyatini 1993-yilda Samarqand davlat universiteti o‘qituvchisi sifatida boshlagan. 1986-1999-yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Kibernetika instituti aspiranti, 1999-2000-yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Kibernetika instituti ilmiy xodimi, 2000-2003-yilda Abdulla Qodiriy nomidagi Toshkent davlat madaniyat instituti “Informatika va texnika vositalari” kafedrasi o‘qituvchisi, 2003-2007-yilda Abdulla Qodiriy nomidagi Toshkent davlat madaniyat instituti axborotlashtirish va kutubxonashunoslik fakulteti o‘quv ishlar bo‘yicha dekan o‘rinbosari, 2007-2009-yilda Abdulla Qodiriy nomidagi Toshkent davlat madaniyat instituti kasaba uyushmasi raisi, 2009 -2012-yilda Abdulla Qodiriy nomidagi Toshkent davlat madaniyat instituti marketing bo‘lim boshlig‘i, 2012 -2021-yilda Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomli va dizayn instituti o‘quv bo‘limi boshlig‘i, 2022-yilda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi huzuridagi badiiy ta’lim yo‘nalishlarida pedagog va mutaxassis kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi o‘quv jarayonlarini tashkil etish bo‘limi boshlig‘i lavozimlarida faoliyat yuritgan. 2022-yildan Toshkent viloyati pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish milliy markazi o‘quv jarayonlarini tashkil etish bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlab kelmoqda.
Qodirov Qahramon Rahmonovich “Ko‘p qatlamli muhitda massa ko‘chishining matematik modellari va taqribiy-analitik usullari” mavzusidagi dissertatsiya ishini Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot institutida muvaffaqiyatli himoya qilib texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori(PhD) darajasini oldi.
- Aytingchi siz tanlagan mavzu jamiyat uchun qanchalik ahamiyatli?
Bugungi kunda dunyo bо‘ylab yer osti suvlari va tuproqlarning gidrodinamik va geokimyoviy holatini tahlil qilish, monitoringini olib borish va bashoratlash uchun matematik modellar, samarali sonli algoritmlar va dasturiy ta’minot tizimlarini ishlab chiqish bо‘yicha maqsadli ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda. Bunday tadqiqotlar natijalari ekologik vazifalarda sifat jihatidan yangi bilimlarni kashf etishga, texnogen ta’sir natijasida tabiiy tizimlarda yuzaga keladigan о‘zgarishlarni aniqroq bashorat qilishga olib keladi.
Dissertatsiya ishi bо‘yicha olingan natijalarning ilmiy ahamiyati yer osti suvlarining ekologik-geokimyoviy holati va gidrodinamik rejimlarini kuzatish va bashoratlash uchun geofiltratsiya muammolarini hal qilishning matematik modellashtirish uslubiyatini va taqribiy-analitik usullarini ishlab chiqishga qaratilgan.
- Tadqiqotingiz davomida qanday ilmiy natijalarga erishdingiz?
Dissertatsiya ishi bо‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalarining amaliy ahamiyati shundan iboratki, yer osti suv resurslarini ifloslanish manbalaridan himoya qilish uchun vertikal quduqlarning oqim tezligini, uning debitlari orqali boshqarishning amaliy muhandislik muammolarini hal qilish uchun ishlab chiqilgan dasturiy ta’minotdan foydalanilgan.
Dissertatsiya ishining ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
- quduqlar galereyasi mavjudligini hisobga olgan holda bosimsiz yer osti suvlari oqimlarining matematik modeli ishlab chiqilgan;
- uch qatlamli muhitda yer osti suvlari filtratsiya jarayonining matematik modeli ishlab chiqilgan va analitik yechimlari olingan;
- uch qatlamli yaxshi о‘tkazuvchan muhitda yer osti suvlari filtratsiya masalalarini yechishning taqribiy-analitik yechimlarni olish;
- yer osti suvlarini ifloslanish manbalaridan himoya qilishda vertikal quduqlar tizimini debitlar orqali boshqarish muammosini hal qilish algoritmi ishlab chiqilgan va о‘zaro bir-biriga bog‘liq bо‘lgan g‘ovak muhitda er osti suvlarining filtratsiyasi masalalarini yechishning sonli algoritmi ishlab chiqilgan.
- Ilmiy tadqiqotingiz qaysi sohalarda joriy qilingan?
Dissertatsiya ishi bо‘yicha olingan tadqiqot natijalari Samarqand viloyati Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasida joriy etilgan bо‘lib, yer osti suv resurslarini ifloslanish manbalaridan himoya qilish maqsadida kо‘p qatlamli о‘zaro bir-biriga bog‘liq g‘ovak muhitlarda suyuqlik filtrlatsiyasida yer osti suvlarining ekologik-geokimyoviy holati va gidrodinamik rejimlarini kuzatish va bashoratlash imkonini beruvchi matematik model, algoritmi va dasturiy ta’minot ishlab chiqilgan bo’lib, natijada u zaharli moddalarning filtratsiya hududidan tashqariga tarqalishini cheklaydigan suv о‘tkazuvchan qatlamlarni aniqlashning aniqligi 10-15% ga oshirish imkonini berdi.
Bundan tashqari ekologik vaziyat qulay bо‘lgan zonalarga ifloslanishning yanada tarqalishining oldini olish maqsadida kuchli ifloslanish hududlarini izolyatsiya qilish muammolarini hal qilish uchun matematik model, algoritm va dasturiy ta’minot Samarqand viloyati “Parviz” MCHJga ham joriy qilingan bо‘lib, natijada, filtratsiya maydonining tegishli zonalarida yer osti suvlari sathini bashoratlashning aniqligini 9-12% ga oshirish imkoniyati yaratildi.
- Ilmiy tadqiqot bilan bog‘liq kelajakdagi rejalaringiz haqida aytib o‘tsangiz?
Bugungi kunda gidrogeologik jarayonlarni Respublikada mavjud hududlar bо‘yicha taqsimlanganlik xususiyatlarini va yer osti suvlari holatini monitoringi tartib elementlarini hisobga olinishi bilan filtratsiya jarayonlarni matematik modellashtirish hamda hisoblash tajribalari asosida har tomonlama tahlil qilish usullarini integratsiyalash muammolari paydo bо‘lmoqda.
Yuqoridagidan kelib chiqib kelgusi ilmiy tadqiqot ishlarida kо‘p qatlamli g‘ovak muhitlarda yer osti suvlarining geofiltratsiyasi jarayonlarining matematik modelini yaratish, suv saqlovchi xususiyatlari, fizik-mexanik xossalarini tadqiq etish, yer osti suvi sathi va holatini, boshlang‘ich ma’lumotlar asosida jarayonlarni matematik modellashtirish, axborotlar tо‘plamini yaratish, natijalarni tizimli tahlili hamda xaritografik tasavvurini yaratish usullariga bag‘ishlangan ilmiy-tadqiqotlar bilan izchil shug‘ullanish maqsad qilingan.
Otabek Usmonov tayyorladi.