Po’lotova Moxiraning “Ko’p parametrli texnologik jarayonlarni boshqarishda bashoratlovchi modellarni qo’llash” mavzusidagi ilmiy tadqiqoti xususida

Cover Image for Po’lotova Moxiraning “Ko’p parametrli texnologik jarayonlarni boshqarishda bashoratlovchi modellarni qo’llash” mavzusidagi ilmiy tadqiqoti xususida

Po’lotova Moxira Raxmatilloyevna 1976-yil 28-aprelda Navoiy viloyati, Qiziltepa tumanida tavallud topgan. 2005-yil Buxoro oziq-ovqat va yengil sanoat texnologiyasi institutining bakalavriat bosqichi, 2017-yil Buxoro muhandislik texnologiya institutining magistratura bosqichini tamomlagan. Mehnat faoliyatini  2000-2009 yillar  Buxoro shahridagi 31-umumiy ta`lim maktabida informatika fani o`qituvchisi, 2009-2011 yillar Buxoro soliq kollejida informatika kafedrasi mudiri, 2011-2015 yillar Buxoro yuridik kollejida informatika kafedrasi mudiri, 2015-2018 yillar Buxoro tibbiyot kolleji informatika kafedrasi mudiri, 2018-yildan hozirgi kunga qadar Buxoro tabiiy resruslarni boshqarish instituti Ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish va boshqarish kafedrasi o‘qituvchisi lavozimida faoliyat yuritmoqda. Po’lotova Moxira “Ko’p parametrli texnologik jarayonlarni boshqarishda bashoratlovchi modellarni qo’llash” mavzusidagi ilmiy ishini  Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot institutida muvaffaqiyatli himoya qilib, Texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) darajasini oldi.

1. Aytingchi siz tanlagan mavzu jamiyat uchun qanchalik ahamiyatli?

Men “Ko’p parametrli texnologik jarayonlarni boshqarishda bashoratlovchi modellarni qo`llash” mavzusidagi ilmiy tadqiqot ishimni texnika fanlari nomzodi, professor Arifjanov Abdulla Shamxatovich rahbarligida muvaffaqiyatli himoya qildim. Bugungi kunda butun dunyoda axborotni yig‘ish va tahlil qilish hamda bashoratlash uchun matematik modellar, hisoblash algoritmlari va dasturiy majmualarni ishlab chiqish sohasida maqsadli tadqiqotlar olib borilmoqda. Shu sababli, bashoratlovchi modellarni faqat iqtisodiyot sohasida emas balki tibbiyot, ishlab chiqarish va boshqa sohalarda qo’llash jarayonlarini boshqarish bo‘yicha tahlil qilish, bashoratlash va qarorlarni qo‘llab-quvvatlash muammolarini hal qilish uchun modellar, algoritmlar va dasturiy vositalarni rivojlantirish masalalari juda ham dolzarb hisoblanadi.

2. Tadqiqotingiz davomida qanday ilmiy natijalarga erishdingiz?

Dunyoda bo‘lgani kabi respublikamizda ham sanoat, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalar texnologiyalarning rivojlanishi energiya tejamkor masalalarini ilgari surmoqda. Tadqiqot ishimizda iqtisodiyot sohasida qo`llanilgan bashoratlovchi matematik modellarni ishlab chiqarish sohasiga qo’llash orqali energiya, xom-ashyo va suv tejamkorligini 5%-7% gacha kamaytirishga natijaga erishdik.

3. Ilmiy tadqiqotingiz qaysi sohalarda joriy qilingan?

Ilmiy tadqiqot natijalari “Navoiyazot” AJ da formalin ishlab chiqarish texnologik jarayonlarida muvaffaqiyatli qo’llanilib, iqtisod samaradorligi va hisoblarni o‘tkazishga ketadigan vaqt sarfini 9-12 % ga qisqartirish imkonini berdi.

4. Ilmiy tadqiqot bilan bog‘liq kelajakdagi rejalaringiz haqida aytib o‘tsangiz?

Kelajakdagi rejalarimiz qatorida ushbu sohadagi tadqiqotlarni davom ettirish, yangi algoritm va matematik modellarni ishlab chiqish kabilar o‘rin olgan. Shuningdek, mahalliy va xorijiy olimlar tajribasidan foydalangan holda tadqiqotlar o‘tkazish va Respublikamizda olib borilayotgan ilmiy tadqiqot ishlariga o’z hissamni qo’shishni maqsad qilganman.

Otabek Usmonov tayyorladi.