Mas’udjon Eshmurodovning “Murakkab issiqlik almashinuvi masalalari uchun differensial-ayirmalar usulining modifikatsiyalari” mavzusidagi ilmiy tadqiqoti xususida

Cover Image for Mas’udjon Eshmurodovning “Murakkab issiqlik almashinuvi masalalari uchun differensial-ayirmalar usulining modifikatsiyalari” mavzusidagi ilmiy tadqiqoti xususida

Mas’udjon Eshmurodov Xikmatillayevich 1985-yil, 15-avgustda Samarqand viloyatining Kattaqoʻrgʻon tumanida tavallud topgan. 2008-yilda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Samarqand filialini tamomlagan. 2008-2009-yilda Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Samarqand filiali axborot resurs markazi operatori, 2009-2012-yilda Samarqand qishloq xoʼjalik instituti qoshidagi 1-son akademik litseyi oʼqituvchisi, 2012-2014 – yilda Samarqand tibbiyot instituti qoshidagi 2-son akademik litsey oʼqituvchisi, 2014 y.-h.v. – Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti “Axborot texnologiyalari” kafedrasi oʼqituvchisi, 2017-2022-yilda Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti “Qurilishni boshqarish” fakulteti dekan oʼrinbosari, 2022-yildan hozirga qadar Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti “Iqtisodiyot va boshqaruv” fakulteti dekani lavozimida ishlab kelmoqda.

Mas’udjon Eshmurodov Xikmatillayevich “Murakkab issiqlik almashinuvi masalalari uchun differensial-ayirmalar usulining modifikatsiyalari” mavzusidagi dissertatsiya ishini “Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti”da muvaffaqiyatli himoya qilib texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori(PhD) darajasiga ega bo’ldi.

  • Aytingchi siz tanlagan mavzu jamiyat uchun qanchalik ahamiyatli?

Dunyoda matematik modellashtirishni bilish va jarayonlarni boshqarish nazariyalarda dolzarb vosita sifatida tavsiflanadi. Har qanday katta mablagʻ talab etadigan boshlanishlar dastlabki ekspertizadan oʻtkaziladi va bunga umumiy xarajatlarning deyarli yarmi sarflanadi. Aksariyat hollarda bu tekshirishlarni qurilayotgan obyektni ishlatish jarayonida yuzaga keladigan barcha mumkin boʻlgan variantlarni hisobga olgan holda tabiiy sharoitlarda amalga oshirish imkoni boʻlmaydi. Bugungi kunda ananaviy sohalardan tashqari noananaviy sohalarda ham bunday masalalarni yechish talab etilmoqda. Bizga ma’lumki bunday katta mablag’ yoki koʻp vaqt talab etadigan masalalarni sonli usullar yordamida matematik modellarini yaratish va dasturiy ta’minotlarini yaratib foydalanish har tamonlama samaralidir. Bundan tashqari murakkab masalalarni yechishda differensial-ayirmalar usullari modifikatsiyalarini ishlab chiqish va tadbiq etish koʻplab sohalar uchun bugunning talabi hisoblanadi.

  • Tadqiqotingiz davomida qanday ilmiy natijalarga erishdingiz?

Biz elliptik, parabolik va giperbolik tipdagi chiziqli tenglamalarga asoslangan bir va koʻp oʻlchovli masalalarni yechish uchun toʻgʻri chiziqlar usulini qoʻllash uslubiyatini uchinchi va birinchi jinsli chegaraviy shartlar misolida taqdim etdik.

Harakatlanuvchi elementlari boʻlgan yuqori haroratli va nuqtaviy issiqlik manbalarining issiqlik uzatishini jadallash boʻyicha bir qator masalalar yechildi.

Manbaning toʻgʻri chiziqli va aylanma harakati uchun sinovdan oʻtgan, ixtiyoriy trayektoriya boʻylab harakatlanuvchi nuqtaviy manbani sonli amalga oshirish uchun usul ishlab chiqildi.

Toʻgʻri chiziqlar va odatiy quvish usullarining simbiozi issiqlik almashinuv jarayonlarini jadallashtirishga yordam beradigan harakatlanuvchi elementlar va nuqtaviy  issiqlik manbalariga ega issiqlik almashinuvi masalalarini yechishga qoʻllanildi.

  • Ilmiy tadqiqotingiz qaysi sohalarda joriy qilingan?

“Murakkab issiqlik almashinuvi masalalari uchun differensial-ayirmali usulning modifikatsiyalarini model, usul, algoritm, dasturlar asosida ishlab chiqildi:

issiqlik uzatish masalalari uchun matematik modellardan, ularni yechishning sonli algoritmlaridan Samarqand viloyat “Issiqlik manbai” davlat unitar korxonasida hamda “BUNYODKOR SODIQ JOʻRA” MChJda joriy qilindi. Natijada issiqlik uzatish jarayonini tashqi muhit haroratini hisobga olgan holda optimallashtirish, mavjud muhandislik hisoblariga ketadigan vaqt va mehnatni 20-25 %ga kamaytirish, issiqlik uzatish jarayonini jadallashtirish va tekis taqsimlanishini ta’minlash hisobiga issiqlik energiyasi sarfini 2-3 %ga qisqartirish imkonini berdi.

  • Ilmiy tadqiqot bilan bog‘liq kelajakdagi rejalaringiz haqida aytib o‘tsangiz?

Hozirgi vaqtda an’anaviy matematik modellashtirish usullarini qoʻllashning matematika, mexanika, fizika, kimyo, iqtisodiyot, texnologiya kabi sohalari bilan bir qatorda fan va ishlab chiqarishning yangi tarmoqlari: tilshunoslik, ijtimoiy fanlar, logistika, sintezlanuvchi moddalar kimyosi, genetika, astronavtika, yadro energetikasi, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish va boshqalar rivojlanmoqda, ularning rivojlanishini matematik modellashtirish yutuqlaridan tashqarida tasavvur qilib boʻlmaydi.

Yuqoridagidan kelib chiqib kelgusi ilmiy tadqiqot ishlarida differensial-ayirmalar usulining modifikatsiyalarini matematik modellashtirish, axborotlar tо‘plamini yaratish, natijalarni tizimli tahlilini yaratish usullariga bag‘ishlangan ilmiy-tadqiqotlar bilan izchil shug‘ullanishni maqsad qilganmiz.

Otabek Usmonov tayyorladi.