Sabur Aminovning “Bir jinsli bo‘lmagan qatlamli g‘ovak muhitda neft va gaz filtratsiyasi jarayonini matematik modellashtirish” mavzusidagi texnika fanlari bo’yicha falsafa doktori (PhD) darajasini olish uchun ilmiy tadqiqoti xususida

Cover Image for Sabur Aminovning “Bir jinsli bo‘lmagan qatlamli g‘ovak muhitda neft va gaz filtratsiyasi jarayonini matematik modellashtirish” mavzusidagi texnika fanlari bo’yicha falsafa doktori (PhD) darajasini olish uchun ilmiy tadqiqoti xususida

Aminov Sabur Muxtarovich 1988-yil 26-oktabrda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, To‘rtko‘l tumanida tavallud topgan. 2011-yil Toshkent davlat pedagogika universitetining bakalavriat bosqichini, 2013-yilda esa O‘zbekiston Milliy universitetning magistratura bosqichini tamomlagan. Mehnat faoliyatini 2013-yilda Toshkent davlat agrar universiteti axborot va texnik ta’minot bo‘limi muhandis-elektronchisi sifatida boshlagan. Keyinchalik esa, Toshkent davlat agrar universiteti axborot texnologiyalari va matematika kafedrasi assistenti, Axborot tizimlari va texnologiyalari kafedrasi katta o‘qituvchisi sifatida faoliyat olib borgan. 2022-yildan boshlab Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot institutida ilmiy kotib lavozimida ishlab kelmoqda.

Aminov Sabur Muxtarovich “Bir jinsli bo‘lmagan qatlamli g‘ovak muhitda neft va gaz filtratsiyasi jarayonini matematik modellashtirish” mavzusidagi dissertatsiya ishini Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot institutida muvaffaqiyatli himoya qilib texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori(PhD) darajasini oldi.

  • Aytingchi siz tanlagan mavzu jamiyat uchun qanchalik ahamiyatli?

Men “Bir jinsli bo‘lmagan qatlamli g‘ovak muhitda neft va gaz filtratsiyasi jarayonini matematik modellashtirish” mavzusidagi ilmiy ishimni texnika fanlari doktori, professor, Normahmad Ravshanov ilmiy rahbarligida muvaffaqiyatli himoya qildim.

Barchamizga ma’lumki, dunyo bo‘ylab neft va gaz muhim strategik xomashyo hisoblanadi. Ilmiy tadqiqotimizda g‘ovak muhitlarda neft va gaz filtratsiyasi jarayonini ifodalash uchun matematik model ishlab chiqish va o‘sha matematik model asosida algoritm, algoritm asosida esa foydalanuvchilar uchun dasturiy ta’minotni yaratish asosiy maqsad hisoblanadi.

Odatda qayta tiklanadigan energiyalar hamma uchun jozibador ko‘rinadi. Ammo 2022-2023 yildagi statistik ma’lumotlarga ko‘ra, umumiy energiyani 100% deb, oladigan bo‘lsak, shulardan 70 %i qazib olinadigan energiya manbalari hissasiga tog‘ri kelmoqda. Ulardan ma’lum salmoqli qismini neft va gaz tashkil etmoqda. Bizning ishimiz esa o‘sha neft va gaz filtratsiya jarayonida matematik modellarni tuzish va dasturiy majmua yaratishdan iborat. Dasturiy majmuadan soha xodimlari konlardagi bosim o‘zgarishini vizual tarzda kuzatish va  bashorat qilish uchun foydalanishlari mumkin.

  • Tadqiqotingiz davomida qanday ilmiy natijalarga erishdingiz?

Ilmiy tadiqoqtimizning mavzusi bo‘yicha XX-asrning II yarmidan boshlab bir qancha olimlar shug‘ullanib kelishmoqda.

Tadqiqotning maqsadi bir jinsli bo‘lmagan qatlamli g‘ovak muhitda neft va gaz filtratsiyasi jarayoni uchun matematik modellar, hisoblash algoritmlari va dasturiy majmuani ishlab chiqish hamda takomillashtirishdan iborat.

Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:

– kollektorlarning gidrodinamik parametrlarini hisobga olgan holda g‘ovak muhitlarda suyuqlik va gaz filtratsiya jarayonini ifodalash uchun matematik model ishlab chiqilgan;

bosimli qatlamlarning o‘zaro ta’sirlashuvini hisobga olgan holda neft filtratsiya jarayonini matematik modeli va sonli yechish algoritmi ishlab chiqilgan;

– bir jinsli bo‘lmagan g‘ovak muhitda gaz harorati va qatlam xossalarini hisobga olgan holda gaz filtrlatsiyasi matematik modeli hamda ikkinchi tartibli approksimatsiya bilan chekli ayirma usuliga asoslangan masalani yechishning sonli algoritmi ishlab chiqilgan;

– qatlamning g‘ovak strukturasi deformatsiyasini hisobga olgan holda neft filtratsiyasi jarayonining chiziqli bo‘lmagan matematik modeli va masalani yechishning samarali sonli algoritmni ishlab chiqilgan.

Birqator ilmiy tadqiqotlarda g‘ovak muhitda bosim o‘zgarishi natijasida deformatsiyalanish vujudga kelishi hamda g‘ovak muhitning strukturasi tabiiy jarayonda o‘zgarishiga e’tibor qaratilmagan va bizning tadqiqot ishimizda o‘zgarmas deb qabul qilingan. Ilmiy tadqiqotimizda deformatsiyalanishni hisobga olgan holda matematik model taklif qilinadi. Deformatsiyalanishni hisobga olish  bizning matematik modelimiz esa aniqlik darajasini yanada oshirishga xizmat qilgan.

  • Ilmiy tadqiqotingiz qaysi sohalarda joriy qilingan?

Ilmiy tadqiqot ishimiz respublikada “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatining neft va gaz qazib olish boshqarmasida qo‘llanilgan. Undan tashqari “Koson neftgaz qidiruv ekspeditsiyasi” mas’ulyati cheklangan jamiyatida dasturiy majmuamizni qo‘llash natijasida vaqt va mehnat unumdorligini oshirishga xizmat qildi. Bundan tashqari ilmiy tadqiqot ishimiz Rossiya Federatsiyasi Udmurt davlat Universitetida bajarilayotgan ilmiy tadqiqot loyihasida qo‘llanilgan va samaradorligi qayd etilgan.

  • Ilmiy tadqiqot bilan bog‘liq kelajakdagi rejalaringiz haqida aytib o‘tsangiz?

Kelajakdagi rejalarimiz shu sohadagi ilmiy-tadqiqot ishlarni davom ettirish hisoblanadi. Keyingi bosqichlarda yaratilgan modelni yanada takomillashtirib dasturiy majmuasini mukammal ko‘rinishga keltirish, shuningdek, ilmiy tadqiqotimiz bilan ushbu sohaning rivojiga o‘z hissamiz qo‘shishni niyat qilganmiz.

Dilshodbek Fayzullayev suhbatlashdi.