BEGILOV BAXADIRNING “OQOVA SUVLARNI TOZALASH JARAYONI XARAJATLARINI OPTIMALLASHTIRISHNI MATEMATIK MODELLASHTIRISH” ILMIY-TADQIQOT ISHI XUSUSIDA

Cover Image for BEGILOV BAXADIRNING “OQOVA SUVLARNI TOZALASH JARAYONI XARAJATLARINI OPTIMALLASHTIRISHNI MATEMATIK MODELLASHTIRISH” ILMIY-TADQIQOT ISHI XUSUSIDA

Begilov Baxadir Nazarbayevich 1976-yil 18-sentabrda Qoraqalpog’iston Respublikasi, Kegeyli tumanida tavallud topgan. 1999-yil, Qoraqalpoq davlat universitetini tamomlagan. O’zining ish faoliyatini 1999-yilda Nukus shahridagi 29-sonli umumta’lim maktabida chizmachilik fani o’qituvchisi sifatida boshlagan. Keyinchalik esa, Nukus shahrida joylashgan bir qator maktab va texnikumlarda matematika va informatika o’qituvchisi sifatida faoliyat olib borgan. 2008-yilda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Nukus filiali “Informatika va axborot texnologiyalari” kafedrasida assistent-o’qituvchi bo’lib ishlagan. 2023-yil 29-avgustdan esa “Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Nukus filiali” dasturiy injenering va matematik modellashtirish kafedrasi katta o’qituvchisi lavozimida ishlab kelmoqda. Begilov Baxadir “Oqova suvlarni tozalash jarayoni xarajatlarini optimallashtirishni matematik modellashtirish” mavzusidagi ilmiy ishini Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot institutida muvaffaqiyatli himoya qilib Texnika fanlari falsafa doktori (PhD) darajasini oldi.

  1. Aytingchi siz tanlagan mavzu jamiyat uchun qanchalik ahamiyatli?

Mening ilmiy tadqiqotimning mavzusi “Oqova suvlarni tozalash jarayoni xarajatlarini optimallashtirishni matematik modellashtirish”dan iborat. Mavzuning dolzarbligiga e’tibor qaratadigan bo’lsak mening tadqiqotim suvni ishlab chiqarishda, sanoatda, aholining maishiy ehtiyojlarini qondirishda foydalaniladi. Suv qayta ishlanadi va tozalanadi. Shu jarayonda suvning fizik xususiyatlari, kimyoviy tarkibi o’zgaradi va suv ifloslanadi hamda oqova suvga aylanadi. Agarda biz shu oqova suvni tozalamasdan oqizsak, bu jarayonda biz atrof muhitga katta zarar yetkazamiz. Bu o’z-o’zidan ekologiya buzilishiga olib keladi. Bu tadqiqot shu kabi ishlarni tartibga solishga va amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

2. Tadqiqotingiz davomida qanday ilmiy natijalar olishga erishdingiz?

Jahonda men tadqiq qilgan soha bo’yicha bir qator ilmiy tadqiqotlar olib borilgan. Xususan, U.Ayzard, X.Deyli, R.Ayres, A.Nis, D.Forda, Dj.Forrester, V.Leonteva, V.I.Danilov–Danilyan, S.Ye.Mersulava, M.V.Mixalevich, X.Nikaydo, Ye.V.Ryumina, S.L.Tukalevskiy va boshqalar shu sohada  tadqiqot ishi olib borgan. Mamlakatimizda esa F.B.Abutaliyev, Sh.X.Raximov, I.K.Xujayev, N.Ravshanov, N.U.Uteuliyev, A.J.Seytov kabi olimlarimiz suv resursiga bog’liq modellashtirish masalasi bilan shug’ullangan. Ukraina olimlari ham ushbu masala bilan shug’ullangan, lekin ular bitta parametrni hisobga olib tadqiqot ishlarini olib borishgan. Olimlar tadqiqot jarayonida faqatgina iflos moddalarning konsentratsiyasini hisobga olishgan. Mening ilmiy ishimning yangiligida ana shu modelning 3 ta parametri hisobga olinadi. Bu iflos moddalarning konsentratsiyasi, oqova suvlarni texnologik sxemalar bo’yicha taqsimlash va ishlab chiqarish quvvatidir. Bunda esa asosiy maqsad xarajatni minimumlashtirishdan iborat. Bu masalani yechish uchun esa biz algoritm ishlab chiqqanmiz. “Lagranj” funksiyasidan foydalangan holda ishlab chiqilgan ushbu algoritmda, deterministik va staxistik masalalar hisobga olinadi. Shuningdek, oqova suvlarning nochiziqligiga oid teoremani isbotlaganman.

3. Ilmiy tadqiqotingiz qaysi sohalarda joriy qilingan?

Mening ilmiy tadqiqotim Nukus shahridagi tozalash kompleksida joriy qilingan. Bundan tashqari Nukus shahridagi Qaraqalpoq suv ta’minoti oqova suv filialida ham ushbu ilmiy tadqiqotim amaliyotga joriy qilingan bo’lib, ekspriment natijasida oqova suvni tozalash xarajatlarini 15% kamaytirishga erishildi. Shuningdek, “NUKUS AGRO FISH” MCHJda ham joriy qilinib, xarajatlar hajmi 10-12% ga kamaytirildi.

4. Ilmiy tadqiqot bilan bog’liq kelajakdagi rejalaringiz haqida aytib o’tsangiz?

Kelgusida biz mana shu oqova suv masalasidagi nochiziqli masalalar shuningdek, xarajatlarni minimumlashtirishga qaratilgan harakatlarni yanada oshirishga hamda ularni real hayotda qo’llashga faol ravishda harakat qilamiz. Staxistik modelimiz yordamida yillar davomidagi suvni tozalash xarajatlarini hisobga olgan holda ularni yanada kamaytirishni maqsad qilganmiz. 

Otabek Usmonov suhbatlashdi.