Texnika fanlari doktori, professor Ravshanov Normaxmad

Cover Image for Texnika fanlari doktori, professor Ravshanov Normaxmad

Texnika fanlari doktori, professor Ravshanov Normaxmad 1954-yil 14-yanvarda Samarqand viloyatida tavallud topgan. Matematik modellashtirish, axborotlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida 44 yildan ortiq tajribaga ega. 2021-yil dekabr oyidan Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti direktorining ilm-fan bo‘yicha maslahatchisi – ilmiy kengash raisi lavozimida ishlab kelmoqda.

N.Ravshanov turli lavozimlarda, shu jumladan, O‘zRFA Kibernetika Ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi Kibernetika (keyinchalik Zamonaviy informatsion texnologiyalar ilmiy-texnikaviy markazi qoshidagi Kibernetika)) instituti aspiranti, kichik ilmiy xodimi, doktoranti, katta ilmiy xodimi, O‘zR FA Matematika va informatsion texnologiyalar instituti yetakchi ilmiy xodimi, TATU huzuridagi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari ilmiy-innovatsion markazi laboratoriya mudiri hamda RT va SIR ITI laboratoriya mudiri lavozimlarida faoliyat yuritgan.

N.Ravshanov ilm-fanni rivojlantirishga o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelayotgan yetakchi olimlardan biridir. Uning ilmiy faoliyati matematik modellashtirish va hisoblash eksperimenti metodologiyasi asosida massa ko‘chishi masalalarini hal etishga, xususan, murakkab nostasionar jarayonlar, ekologiya, uglevodorodlarni qazib olish, qishloq xo‘jaligi bilan bog‘liq bo‘lgan murakkab tizimlarning axborot modellarini ishlab chiqish, turli ta’sir etuvchi omillarni hisobga olgan holda g‘ovak muhitlardagi suyuqlik va gazlarning nostatsionar filtratsiya jarayonlarini matematik modellashtirish, tabiiy va antropogen omillarni hisobga olgan holda atmosferada zararli aralashmalarning tarqalish jarayonlarini matematik modellashtirish, modulli tipdagi amaliy dasturiy majmualarni ishlab chiqish muammolarini hal qilish bilan bog‘liq.

N.Ravshanov rahbarligida 2011-2023 yillarda 5 ta amaliy, 1 ta fundamental va 1 ta innovatsion loyihalar bajarilgan bo‘lib, ularning natijalari yuqori samaradorlik bilan xalq xo‘jaligining turli xil sohalariga, xususan O‘zR Davlat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi, «O‘zbekneftgaz» AJ, “O‘ztransgaz” AJ, O‘zR suv xo‘jaligi vazirligi hamda O‘zbekiston turizm va sport vazirligi obyektlariga joriy etilgan.

Normaxmad Ravshanov OAK tasarrufidagi “Hisoblash va amaliy matematika muammolari” ilmiy jurnalining bosh muharriri, “Informatika va energetika muammolari” O‘zbekiston jurnali, «Vestnik YUUrGU» jurnalining «Matematika. Mexanika. Fizika» seriyasi, “Bulletin of TUIT: Management and Communication Technologies” jurnali va “TATU xabarnomasi” jurnallarining tahririyat hay’ati a’zosi hamda Rossiyaning Omsk shaxrida o‘tkaziladigan xalqaro IEEE «Dynamics of systems, mechanisms and machines» va IOP “Mechanical Science and Technology Update”  ilmiy-texnik konferensiyalarining “Моделирование и управление сложными системами” seksiyasi raisi hisoblanadi.

Shuningdek, O‘zMU, RT va SIR ITI va TATU huzuridagi ilmiy kengashlar va ilmiy seminarlarda doimiy ravishdagi a’zolardan biri hisoblanadi. 2021-yilda O‘zR Innovatsion rivojlanish vazirligi “Axborotlashtirish va AKTlarini rivojlantirish fanlari” bo‘yicha ilmiy-texnik kengashi raisi sifatida ham faoliyat olib bordi.

N.Ravshanov Toshkent shahridagi bir qator oliy o‘quv yurtlarida pedagogikfaoliyat yuritib, respublikamiz uchun yetuk mutaxassislar tayyorlash ishlariga o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelmoqda. Xususan, N.Ravshanov 450 dan ortiq ilmiy maqolalar, 10 dan ortiq monografiyalar, 10 dan ortiq o‘quv va uslubiy qo‘llanmalar va 25 dan ortiq dasturiy guvohnomalar muallifidir. Uning ilmiy rahbarligida 1 ta fan doktori, 1 ta fan nomzodi va 16 ta texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktorlari tayyorlangan.