Texnika fanlari doktori, professor Mirzayev Nomaz

Cover Image for Texnika fanlari doktori, professor Mirzayev Nomaz

Texnika fanlari doktori, professor Mirzayev Nomaz 1950-yil 22-sentabrda Samarqand viloyatida tavallud topgan. Axborotlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida 45 yildan ortiq tajribaga ega. 2021-yil iyul oyidan Raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti loyiha raxbari lavozimida ishlab kelmoqda.

N.Mirzayev turli lavozimlarda, shu jumladan, OʻzRFA Kibernetika Ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi Kibernetika (keyinchalik Zamonaviy informatsion texnologiyalar ilmiy-texnikaviy markazi qoshidagi Kibernetika)) instituti aspiranti, kichik ilmiy xodimi, katta ilmiy xodimi, OʻzR FA Matematika va informatsion texnologiyalar instituti katta ilmiy xodimi, TATU huzuridagi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari ilmiy-innovatsion markazi katta ilmiy xodim, bosh ilmiy xodim hamda RT va SIR ITI bosh ilmiy xodim lavozimlarida faoliyat yuritgan.

N.Mirzayev ilm-fanni rivojlantirishga oʻzining munosib hissasini qoʻshib kelayotgan yetakchi olimlardan biridir. Uning ilmiy faoliyati katta oʻlchamli belgilar fazosida tanib olish operatorlarini sintez qilish usullarini ishlab chiqish va amaliyotga joriy qilishdan iborat.

N.Mirzayev ishtirokligida 2011-2023-yillarda 4 ta amaliy, 2 ta fundamental loyihalar bajarilgan boʻlib, hozirgi paytda “Boʻsagʻaviy funksiyalarga asoslangan tanib olish usullaridan foydalanib katta hajmli maʼlumotlarga tasnifiy ishlov berishning ilmiy asoslarini ishlab chiqish” nomli loyiha rahbari sifatida faoliyat olib bormoqda. Ularning natijalari yuqori samaradorlik bilan turli xil sohalariga, joriy etilgan.

Shuningdek, Nomaz Mirzayev “Institution of Electrical and Electronic Engineers” (IEEE), “Biometrics Council; International Association of Engineers” (IAENG), “Society of Artificial Intelligence” kabi nufuzli xalqaro ilmiy jamiyatlarni aʼzosi hisoblanadi. Bundan tashqari, N. Mirzayev respublikamizda va chet ellarda tashkil qilingan bir qator ilmiy-texnik konferensiyalarning dasturiy qoʻmitasi aʼzosi sifatida qatnashib kelmoqda.

Shuningdek, TATU, RT va SIR ITI va “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti huzuridagi ilmiy kengashlar va ilmiy seminarlarda doimiy ravishdagi aʼzolardan biri hisoblanadi. 2022-2023-yillarda OʻzR Innovatsion rivojlanish vazirligi “Axborotlashtirish va AKTlarini rivojlantirish fanlari” boʻyicha ilmiy-texnik kengashi raisi sifatida ham faoliyat olib bordi.

N.Mirzayev Toshkent shahridagi bir qator oliy oʻquv yurtlarida pedagogik faoliyat yuritib, respublikamiz uchun yetuk mutaxassislar tayyorlash ishlariga oʻzining munosib hissasini qoʻshib kelmoqda. Xususan, N.Mirzayev 150 dan ortiq ilmiy maqolalar, 2 ta monografiya, 5 dan ortiq oʻquv va uslubiy qoʻllanmalar va 10 dan ortiq dasturiy guvohnomalar muallifidir.