Shaimov Komiljon Mirzakabulovich 1987-yil 10-oktabrda Samarqand viloyati, Bulung‘ur tumanida tavallud topgan. 2010-yilda Samarqand davlat universitetining bakalavriat bosqichi, 2012-yilda esa, shu universitetning magistura bosqichini tamomlagan. Mehnat faoliyatini 2014-yil Samarqand moliya va iqtisodiyot kollejida informatika fani o‘qituvchisi sifatida boshlagan. Keyinchalik, 2017-yil Samarqand davlat arxitektura-qurilish inisituti axborot texnologiyalari kafedrasi assisenti, 2023-yilda shu institutining axborot texnologiyalari kafedrasi katta o‘qituvchisi sifatida faoliyatini davom ettirgan. 2023-yildan hozirgi kunga qadar Samarqand davlat arxitektura qurilish universiteti axborot texnologiyalari kafedrasi mudiri lavozimida faoliyat yuritmoqda. Shaimov Komiljon “Issiqlik va massa ko‘chirish masalalari uchun matematik modellar va hisoblash algoritmlari” mavzusidagi ilmiy ishini Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot institutida muvafafqiyatli himoya qilib, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) darajasini oldi.
- Aytingchi siz tanlagan mavzu jamiyat uchun qanchalik ahamiyatli?
Men “Issiqlik va massa ko‘chirish masalalari uchun matematik modellar va hisoblash algoritmlari” mavzusidagi ilmiy tadqiqot ishimni texnika fanlari doktori, professor Xujayev Ismatulla Kushayevich rahbarligida muvaffaqiyatli himoya qildim. Bugungi kunda butun dunyoda energiya resurslari shuningdek, uy-joy kommunal xizmatlari uchun tariflar narxining uzluksiz oshib borishi bilan bir qatorda issiqlik ta’minoti tizimidagi samaradorlikni oshirish, undagi muammolarini hal etish va masalalar yechimiga bo‘lgan e’tibor tobora ortib bormoqda. Tadqiqotimizning dolzarbligini mana shu turdagi muammolar va ularning yechimlari tashkil etadi.
- Tadqiqotingiz davomida qanday ilmiy natijalarga erishdingiz?
Dunyoda bo‘lgani kabi respublikamizda ham energiya resurslari iqtisodiyotning muhim tarmoqlaridan biri hisoblanadi. Mustaqillikka erishganimizdan so‘ng energiya resurslarini tejash va uy-joy kommunal xizmatlarini yaxshilash borasida ko‘plab islohotlar amalga oshirilmoqda. Tadqiqot ishimizda issiqlik-massa almashinuvining ko‘p o‘lchovli masalalarini matematik modellashtirish, yechish uchun chekli ayirmalar hamda to‘g‘ri chiziqlar usullarini tahlil qilib, o‘tish matritsasining xos qiymatlari va vektorlarini aniqladik. Shuningdek, vektorlarni aniqlagan holda birinchi va uchinchi turdagi aralash chegaraviy shartlar uchun to‘g‘ri chiziqlar usulini ishlab chiqdik.
- Ilmiy tadqiqotingiz qaysi sohalarda joriy qilingan?
Issiqlik va massa ko‘chishi masalalari uchun matematik modellari va hisoblash algoritmlarini ishlab chiqish asosida bir qator natijalarga erishganmiz:
Xususan, ixtiyoriy chegaraviy shartlar kombinatsiyasida issiqlik uzatish masalalarini yechish uchun ishlab chiqilgan sonli algoritm va dasturiy vositamizdan Samarqand viloyati “Issiqlik manbai” DUKda issiqlik uzatilishi jarayonini jadallashtirish va uning ko‘rsatkichlarini bashorat qilish maqsadida foydalanilgan. Natijada issiqlik uzatish jarayonining tashqi muhit haroratini hisobga olish orqali optimallashtirish, mavjud muhandislik hisoblariga ketadigan vaqt va mehnat sarfini 20-25%ga kamaytirishga, issiqlik energiyasining sarfini 2-3%ga qisqartirishga erishdik.
Tarkibli chegaraviy shartlar holida issiqlik almashinuvi masalarini yechish uchun yaratilgan algoritmdan “SAM TEX PROECT” MCHJda issiqlik uzatilishi jarayonini jadallashtirish va uning ko‘rsatkichlarini bashorat qilish maqsadida foydalanilgan. Natijada muhandislik hisoblariga ketadigan vaqt va mehnat sarfi 25-30%ga kamayib, energiya sarfi esa 2-5%ga qisqartirildi. - Ilmiy tadqiqot bilan bog‘liq kelajakdagi rejalaringiz haqida aytib o‘tsangiz?
Kelajakdagi rejalarimiz qatorida ushbu sohadagi tadqiqotlarni davom ettirish, yangi algoritm va matematik modellarni ishlab chiqish kabilar o‘rin olgan. Shuningdek, mahalliy va xorijiy olimlar tajribasidan foydalangan holda yangi marralarni zabt etish va tadqiqotlar o‘tkazishni maqsad qilganmiz.
Otabek Usmonov suhbatlashdi.