Jumaniyozov Sardor Pirnazarovich 1990-yil 5-oktabrda Xorazm viloyati, Shovot tumanida tavallud topgan. 2012-yil Urganch davlat universitetining bakalavriat bosqichi, 2014-yilda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining magistratura bosqichini tamomlagan. Mehnat faoliyatini 2014-yil Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filialining “Tabiiy fanlar” kafedrasi assistenti sifatida boshlagan. Keyinchalik, 2016-yil Urganch turizm va mehmonxona xo‘jaligi kasb-hunar kolleji informatika fani o‘qituvchisi, 2017-yil Urganch davlat universiteti Fakultetlararo umumtexnika fanlari kafedrasi o‘qituvchisi, 2021-2023 yillarda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining tayanch doktaranti, 2024-yildan hozirgi kunga qadar Urganch davlat universiteti Fakultetlararo umumtexnika fanlari kafedrasi o‘qituvchisi lavozimida faoliyat yuritmoqda. Jumaniyozov Sardor “Murakkab sohada nostatsionar ikki o‘lchovli issiqlik tarqalish masalasini sonli modellashtirish” mavzusidagi ilmiy ishini Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti kegashida muvaffaqiyatli himoya qilib, Texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) darajasini oldi.
1. Aytingchi siz tanlagan mavzu jamiyat uchun qanchalik ahamiyatli?
Men “Murakkab sohada nostatsionar ikki o‘lchovli issiqlik tarqalish masalasini sonli modellashtirish” mavzusidagi ilmiy tadqiqot ishimni fizika matematika fanlari doktori, professor Polatov Asxad Muxamedjanovich rahbarligida muvaffaqiyatli himoya qildim. Bugungi kunda butun dunyoda murakkab shakldagi jismlarda issiqlik tarqalishining nostatsionar jarayonlarini tahlil qilish va bashoratlash uchun matematik modellar, hisoblash algoritmlari va dasturiy majmualarini ishlab chiqish sohasida maqsadli tadqiqotlar olib borilmoqda. Shu sababli, murakkab shakldagi jismlarda issiqlik tarqalishining nostatsionar jarayonlarini boshqarish bo‘yicha tahlil qilish, bashoratlash va qarorlarni qo‘llab-quvvatlash muammolarini hal qilish uchun modellar, algoritmlar va dasturiy vositalarni rivojlantirish masalalari juda ham dolzarb hisoblanadi.
2. Tadqiqotingiz davomida qanday ilmiy natijalarga erishdingiz?
Dunyoda bo‘lgani kabi respublikamizda ham sanoat, qishloq xo‘jaligi, aviatsiya, yadro energetikasi va raketa-kosmik texnologiyalarning rivojlanishi issiqlik tarqalishiga oid yangi masalalarini ilgari surmoqda. Tadqiqot ishimizda ikki o‘lchovli sodda sohalarni yig’ish asosida murakkab sohani qurish diskret modeli va algoritmi ishlab chiqildi, bir jinsli bo‘lmagan jismlarda va tizimli qo‘shimchalarga ega sohalar uchun ikki o‘lchovli nostatsionar issiqlik tarqalishi masalalarini chekli elementlar usuli asosida sonli algoritmi yaratildi. Shuningdek, chekli elementlar usulida nuqtali issiqlik manbalarini hisobga olgan holda ikki o‘lchovli nostatsionar issiqlik tarqalishi masalasini yechishning hisoblash algoritmi ishlab chiqildi.
3. Ilmiy tadqiqotingiz qaysi sohalarda joriy qilingan?
Murakkab sohada nostatsionar ikki o‘lchovli issiqlik tarqalish masalasini sonli modellashtirish doirasida olib borilgan tadqiqotlar natijasida ishlab chiqilgan algoritmlar va yaratilgan dasturiy majmua asosida:
– murakkab shakldagi ikki o‘lchovli jismlarda nostatsionar issiqlik tarqalishi jarayonini chekli elementlar usuli asosida hisoblash algoritmi va dasturiy vositasi “UzXCMG” MCHJ qo‘shma korxonasida joriy qilingan. Natijada uzoq vaqt yuqori harorat maydoni ta’sirida bo‘lgan konstruksiyalarning ekspluatatsiya ishonchliligini va mustahkamligini ta’minlashga hamda hisoblashga ketadigan vaqt sarfini 7-10 % ga qisqartirish imkonini berdi;
– sizot suvlar oqimini tahlil qilish asosida yerdagi suv miqdorini normallashtirish masalasi bo‘yicha chekli elementlar usuli asosida hisoblash algoritmi va dasturiy vositasi Xorazm viloyati Shovot tumani qishloq xo‘jaligi bo‘limiga tegishli yerlarda joriy qilindi. Sizot suvlar miqdori yuqori bo‘lgan hududlarda maxsus nasoslar orqali suvini so‘rib olish yo‘li bilan suv miqdorini normallashtirish va hisoblarni o‘tkazishga ketadigan vaqt sarfini 9-12 % ga qisqartirish imkonini berdi.
4. Ilmiy tadqiqot bilan bog‘liq kelajakdagi rejalaringiz haqida aytib o‘tsangiz?
Kelajakdagi rejalarimiz qatorida ushbu sohadagi tadqiqotlarni davom ettirish, yangi algoritm va matematik modellarni ishlab chiqish kabilar o‘rin olgan. Shuningdek, mahalliy va xorijiy olimlar tajribasidan foydalangan holda tadqiqotlar o‘tkazish va Respublikamizda olib borilayotgan ilmiy tadqiqot ishlariga o’z hissamni qo’shishni maqsad qilganman.
Usmonov Otabek tayyorladi.