Bugun Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot institutiga Indoneziyaning Universitas Muhammadiyah Sidoarjo, Relawan Jurnal Indonesia, Silk Road Research Network va Universitas Widya Gama Mahakam Samarinda vakillari tashrif buyurdi.
Uchrashuv avvalida Institut direktori A.Kadirov mehmonlarga muassasada amalga oshirilayotgan ishlar va tadqiqotlar xususida ma’lumot berib, kelgusi rejalar va istiqbollar haqida to’xtalib o’tdi.
Tashrifdan ko’zlangan asosiy maqsad ikki mamlakat o’rtasidagi xalqaro aloqalarini mustahkamlash, ilmiy nashr va ta’lim sohalarida global hamkorlikni ta’minlash, xususan, kadrlar almashish va ularning malaka oshirishini yo’lga qo’yish, Indonezyalik talabalarni PhD dasturlariga qabul qilish, qo‘shma kurs, seminar va konferensiyalar tashkil qilishdan iborat.
Shuningdek, tadbir doirasida direktorning ilm-fan bo‘yicha maslahatchisi, texnika fanlari doktori, professor N.Ravshanovning raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish bo‘yicha tajribasi, ilmiy hamkorlik, nashriyotlararo tadqiqotlarni amalga oshirish hamda ularni kengaytirishga qo’shgan ulkan hissasi e’tirof etilib, unga Muhammadiyah Sidoarjo Universitetining faxiy professori unvoni berildi.
Tadbir so’ngida Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti hamda Universitas Muhammadiyah Sidoarjo, Relawan Jurnal Indonesia va Silk Road Research Network o’rtasida hamkorlik hujjatlari imzolandi.








