Samarqandda joriy yilda ish boshlaydigan School 21 bepul dasturlash maktabiga o‘quvchilarni qabul qilish boshlandi. O‘quv jarayonlari boshlanishi 2023-yilning dekabr oyiga mo‘ljallangan.
Saralash bosqichi 26 kun davom etadi. Intensiv kursi davomida ishtirokchilar jamoaviy loyihalarni amalga oshiradilar. Intensiv natijalarga ko‘ra, qatnashchilar asosiy mashg‘ulotlarga yo‘llanma oladilar.
Samarqand shahridagi School 21 kampusi nafaqat O‘zbekistonning texnologiyalarga qiziquvchi yoshlari, balki qo‘shni mamlakatlardan kelgan o‘quvchilar uchun ham foydali o‘quv maskaniga aylanishi mumkin.
Bundan tashqari, ushbu maktab respublikamizda IT sohasini faol rivojlantirishga turtki bo‘lib xizmat qiladi.
Bepul maktabga kirib, IT mutaxassisi bo‘lish istagi borlar 18 yoshdan oshgan bo‘lishlari kerak. Maktabda turli yo‘nalishlarda ta’lim beriladi: tarkibiy dasturlash (C), obyektga yo‘naltirilgan dasturlash (C++), kompyuter tarmoqlari, algoritmlar, ma’lumotlar bazalari (SQL), amaliy dasturlash (Java, Python, Golang), shuningdek, mobil dasturlash (Frontend, Backend, ML & DS, Big Data, GameDev) va boshqalar.
School 21 maskanida ta’lim olish uchun avvalgi bilimlar, ish tajribasi, dasturlash ko‘nikmalari va diplomga ega bo‘lish talab etilmaydi. O‘quv mashg‘ulotlari raqamli ta’lim platformasida, sohaga yo‘naltirilgan, moslashuvchan va doimiy rivojlanib boradigan kontent orqali amalga oshiriladi.
Peer-to-peer metodikasi, ya’ni ma’ruzachilar, baholarsiz va ma’ruzalarsiz o‘qitish yuqori sifatli ta’limga erishishga imkon beradi.
Ishtirokchilar o‘zaro bilim almashadilar, topshiriqlarni bajaradilar, shuningdek, shaxsiy va jamoaviy IT loyihalarni tayyorlaydilar. 1,5-2 yillik kursdan keyin ular malakali IT-muhandislari bo‘lib yetishadilar va o‘z ixtisosliklari bo‘yicha faoliyat yuritishni boshlaydilar.
Ushbu maskanda ta’limdagi asosiy e’tibor amaliy topshiriqlarni bajarishga, kuchli dasturlash ko‘nikmalarini o‘zlashtirishga, soft skills’ni rivojlantirishga qaratilgan. O‘qitish bosqichlaridan yana biri – uch oylik majburiy amaliyot hisoblanadi. Har bir ishtirokchi amaliyot boshlangunga qadar kamida uchta dasturlash tilini o‘rganib olishi va bu bilimlarni kasbiy faoliyatda qo‘llashi kerak bo‘ladi.
School 21 kampusi Samarqand shahridagi Ibn Sino ko‘chasi, 17, manzilida joylashgan. Asosiy ta’lim uchun yillik qabul 800 dan ortiq o‘quvchini tashkil etishi rejalashtirilgan.