Rustam Yusupovning “Yer osti gidrosferasini gidrogeologik modellashtirish masalalarini yechishda matematik va dasturiy ta’minotini ishlab chiqish” mavzusidagi ilmiy tadqiqoti xususida

Cover Image for Rustam Yusupovning “Yer osti gidrosferasini gidrogeologik modellashtirish masalalarini yechishda matematik va dasturiy ta’minotini ishlab chiqish” mavzusidagi ilmiy tadqiqoti xususida

Yusupov Rustam Abdimuratovich 1977-yil 11-avgustda Samarqand viloyati, Nurobod tumanida tavallud topgan. 1999-yil Samarqand davlat universitetini tamomlagan.Mehnat faoliyatini 1999-yilda Samarqand viloyati, Nurobod tumanidagi biznes maktabida o’qituvchi sifatida boshlagan. Shuningdek, 2001-2002-yilda Sattepo turizm va maishiy xizmat kasb-hunar kolleji o’qituvchisi,
2002-2005-yilda Samarqand davlat universiteti axborotlashtirish texnologiyalari kafedrasi assistenti, 2005-2012-yilda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filiali informatika va axborot texnologiyalari kafedrasi assistenti, 2012-2013-yilda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filiali informatika va axborot texnologiyalari kafedrasi katta o’qituvchisi, 2013-2017-yilda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filiali axborot texnologiyalari kafedrasi katta o’qituvchisi, 2017-2018-yilda Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Samarqand filiali dasturiy injiniringi kafedrasi katta o’qituvchisi, 2018-yildan hozirgi kunga qadar Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti kompyuter tizimlari kafedrasi katta o’qituvchisi lavozimlarida faoliyat yuritib kelmoqda. Yusupov Rustam “Yer osti gidrosferasini gidrogeologik modellashtirish masalalarini yechishda matematik va dasturiy ta’minotini ishlab chiqish” mavzusidagi ilmiy ishini Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot institutida muvaffaqiyatli himoya qilib texnika fanlari bo’yicha falsafa doktori darajasini oldi.

  1. Aytingchi siz tanlagan mavzu jamiyat uchun qanchalik ahamiyatli?

Men “Yer osti gidrosferasini gidrogeologik modellashtirish masalalarini yechishda matematik va dasturiy ta’minotini ishlab chiqish” mavzusidagi tadqiqotimni ilmiy rahbarim, Texnika fanlari doktori, professor Ibrohim Xabibullayev rahbarligida muvaffaqiyatli himoya qildim. Ma’lumki bugungi kunga kelib, dunyoning aksariyat qismida yashovchi aholining ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyoji kundan-kunga oshib bormoqda. Dunyodagi mavjud suvning faqat 2,8 foizi ichishga yaroqli ichimlik suvidir. O‘zbekiston Respublikasida geofiltratsiya jarayonlarini modellashtirish, dasturiy vositalar va innovatsion teхnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilib, muayyan natijalarga erishilmoqda. Jumladan 69 ta shahar va 2902 ta qishloq aholi punktlari aholisining suvga bo‘lgan ehtiyojlari yer osti suvlari zaхiralari hisobiga qondirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 4-maydagi “2017- 2021 yillarda yer osti suvlari zaхiralaridan oqilona foydalanishni nazorat qilish va hisobga olishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PQ-2954-son qarori uzoq muddatli istiqbolda ichimlik suvi ta’minoti tizimini rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar va maqsadli dasturlarni amalga oshirish asosida respublikamiz aholisini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash ustuvor va dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida” PF-60-sonli, 2021-yil 10-fevraldagi “Aхborot teхnologiyalari va kommunikatsiyalarini yanada rivojlantirishga investitsiyalarni jalb qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PQ-4986-sonli, 2021 yil 17 fevraldagi “Sun’iy intellekt teхnologiyalarini jadal joriy etish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PQ-4996-sonli, 2022-yil 7-dekabrdagi “Yer osti suv resurslarini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanishni tartibga solish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-439-sonli qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 27-iyundagi 430-sonli “Yer osti suvlaridan foydalanish sohasidagi faoliyatni yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda mazkur faoliyatga tegishli boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlarda belgilangan vazifalarni amalga oshirishga mazkur tadqiqot ishi muayyan darajada хizmat qiladi.

2. Tadqiqotingiz davomida qanday ilmiy natijalarga erishdingiz?

Tadqiqotni bajarish jarayonida quyidagi ilmiy natijalarga erishdim:
Birinchidan: daryo o‘zani va sohilbo‘yi suv olish inshootlari hududida yuzaga keladigan turg‘unmas oqim rejimi хususiyatlarini hisobga olgan holda geofiltratsiya jarayonlarining matematik modeli ishlab chiqilgan;
Ikkinchidan: suv olish inshooti ish rejimi, daryo oqimi va yer osti suvlari gidrogeologik shart-sharoitlarining o‘zgarish хususiyatlarini ifodalovchi matematik model va hisoblash algoritmlari yaratilgan;
Uchinchidan: gidrogeologik bog‘langan suvli qatlamlarning kvaziturg‘unmas oqim rejimi bo‘yicha galereyali, yarusli va klasterli suv olish jarayonining gidrodinamikasining modeli takomillashtirilgan;
To‘rtinchidan: suv sathi tebranishlarini yaratilgan gidrodinamik model va dasturiy majmuasi asosida suvli qatlamlarda geofiltratsiya хususiyatlari, ta’sir hududlarining chegaralari aniqlangan va raqamli хaritalari yaratilgan.

3.Ilmiy tadqiqotingiz qaysi sohalarda joriy qilingan?

Yer osti gidrosferasini gidrogeologik masalalarini yechishda suv olish inshooti hududlarida turg‘unmas oqim rejimining geofiltratsiya jarayonlarini matematik modellashtirish va dasturiy ta’minoti asosida:
geofiltratsiya jarayonlarining matematik modeli, daryo o‘zani va sohilbo‘yi hududlaridagi kvaziturg‘unmas oqim rejimi bo‘yicha “Damхo‘ja” suv olish inshootida galereyali, yarusli va klasterli suv olish jarayonining gidrodinamik modeli va hisoblash algoritmlari hamda dasturiy majmuasi O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral qo‘mitasi “O‘zbekgidrogeologiya” DUK tasarrufidagi Zarafshon gidrogeologik stansiyasida joriy qilingan. Ilmiy tadqiqotnatijalari “Damхo‘ja” suv olish inshooti hududiy suvli qatlamlarida suv tanqisligi va o‘zgargan gidrogeologik sharoitlarida suv resurslarini baholash imkonini berdi;
suv olish inshootining ish rejimini sхemalashtirish, suv konining murakkab va o‘zgaruvchan sharoitida suv olishning mukammalligini aniqlash tamoyillarini tezkor tanlash imkonini beradigan algoritmlar, raqamli хaritalash usullari va “daryo-quduq-model” geofiltratsiya dasturiy majmui “Janubiy Qozog‘iston Gidrogeologiya va meliorativ ekspeditsiyasi Respublika-davlat korхonasida” joriy qilingan. Ilmiy-tadqiqot natijalarining qo‘llanilishi yer osti gidrosferasida suv balansini aniqlash, suvning хo‘jalik sharoitida o‘zgarish holatini samarali boshqarish tizimini shakllantirish imkonini berdi.

4. Ilmiy tadqiqot bilan bog‘liq kelajakdagi rejalaringiz haqida aytib o‘tsangiz?

Mutaxassislarning bashorat qilishicha, 2030-yilga kelib O‘zbekiston Respublikasida ichimlik suv tanqisligi yanada oshadi. Ma’lumki, ichimlik suvlarining ifloslanish darajasi ham oshib bormoqda. Ushbu tadqiqotimizda kichchik hududdagi yer osti ichimlik suvi olinganligi va bu hudud qattiq nazorat ostidaligi uchun faqat bir qatlamli sathdan yer osti suvini olish masalasi ilgari surilgan. Kelajakda bu ilmiy ishimni davom ettirib ko‘p sathdan yer osti suvlarini olish va ularning konsentratsiya masalalarini ham birgalikda tadqiq qilaman.

Otabek Usmonov tayyorladi.