Maxarov Qodirbek Tolkunovich 1990-yil 17-sentabrda Toshkent shahrida tavallud topgan. 2011-yil Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti bakalavriat bosqichini, 2013-yil esa shu universitetning magistratura bosqichini tamomlagan. Mehnat faoliyatini 2011-yilda Oʻzbekiston Milliy universitetida 1-toifali muhandis dasturchi sifatida boshlagan. 2013-2016-yillarda Oʻzbekiston Milliy universiteti oʻqituvchisi, 2016-2020-yillarda Oʻzbekiston Milliy universiteti katta oʻqituvchisi, 2020-2022-yillardaOʻzbekiston Milliy universiteti tayanch doktoranti, 2022-2023-yillarda Oʻzbekiston Milliy universiteti katta oʻqituvchisi lavozimlarida faoliyat yuritgan. 2023-yildan Toshkent Kimyo xalqaro universitetida katta oʻqituvchi lavozimida ishlab kelmoqda.
Maxarov Qodirbek Tolkunovich “Berilganlarda noaniqlik boʻlganda qaror qabul qilish tizimi” mavzusidagi dissertatsiya ishini Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot institute kengashida muvaffaqiyatli himoya qilib texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori(PhD) darajasini oldi.
1. Aytingchi siz tanlagan mavzu jamiyat uchun qanchalik ahamiyatli?
Hozirgi kunda jahonda zaif tuzilmali predmet sohalardagi bilimlarga asoslangan informatsion modellarni qurish maqsadida berilganlarga dastlabki ishlov berish usullari keng tadqiq etilmoqda. Noto‘g‘ri berilganlarni erta tozalash, oʻtkazib yuborilgan berilganlarni qayta ishlash hamda keng doiradagi foydalanuvchilarga moʻljallangan qulay interfeysga ega dasturlar majmuini yaratish qaror qabul qilishda yaxshiroq natijalarga erishishga olib keladi.
Dissertatsiya ishi boʻyicha olingan natijalarining ilmiy ahamiyati tanlanma obyektlari tavsifidagi miqdoriy alomatlar juftligi uchun mumkin bo‘lmagan qiymatlarni aniqlash va to‘liq bo‘lmagan berilganlar uchun umumlashgan baholardan foydalangan holda alomatlar fazosi o’lchamini qisqartirishga asoslangan qaror qabul qilish uslubiyatini ishlab chiqishga qaratilgan.
2. Tadqiqotingiz davomida qanday ilmiy natijalarga erishdingiz?
Tadqiqot natijalarining amaliy ahamiyati shundan iboratki, ishlab chiqilgan algoritmlar va ular asosida yaratilgan dasturiy ta’minotdan turli predmet sohalarda to‘liq bo‘lmagan berilganlarda tasniflash masalasini yechishda, alomatlar juftligi bo‘yicha mantiqiy mos kelmaydigan qiymatlarni aniqlash maqsadida foydalanish mumkinligi hamda soha mutaxassislari uchun qaror qabul qilishda yordam beruvchi dasturiy vositalar yaratilganligi va konkret masalalarga qo‘llanilgan.
Dissertatsiya ishining ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
- miqdoriy alomatlar juftligi boʻyicha mantiqiy mos kelmaslikni aniqlash algoritmi ishlab chiqilgan;
- miqdoriy alomatlar juftliklari boʻyicha mumkin bo‘lgan qiymatlarni hisobga olgan holda bilimlar bazasini shakllantirish uslubiyati ishlab chiqilgan;
- turg‘unlik oʻlchovi asosida alomatlar to‘plamining informativligini baholash algoritmi va qaror qabul qilish tizimi ishlab chiqilgan;
- berilganlarda noaniqlik boʻlgan holatlarni bartaraf etish uchun umumlashgan baholar asosida alomatlar fazosi oʻlchamini qisqartirish algoritmi ishlab chiqilgan.
3. Ilmiy tadqiqotingiz qaysi sohalarda joriy qilingan?
Dissertatsiya ishi bо‘yicha olingan tadqiqot natijalari Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi intellektual dasturiy tizimlar ilmiy-amaliy markazida joriy etilgan boʻlib, miqdoriy alomatlar juftliklari uchun mumkin bo‘lgan qiymatlar bo‘yicha intervallarni hisoblash algoritmi asosida mantiqiy mos kelmaydigan qiymatlarni aniqlash, berilganlarda noaniqliklar bo‘lgan holatlarda qabul qilinadigan qarorlarning ishonchliligini baholash algoritmlari yordamida o‘pka sili bo‘yicha berilganlar bazasini shakllantirish jarayonida berilganlarni tekshirish va qaror qabul qilish jarayoni vaqtini 10-15% ga qisqartirish imkonini bergan.
Shuningdek, berilganlarda noaniqlik boʻlgan holatlarni bartaraf etish uchun umumlashgan baholar asosida alomatlar fazosini qisqartirish algoritmi va latent alomatlar fazosini shakllantirish jarayonining parallel algoritmi asosida yaratilgan qaror qabul qilish tizimi “UNICON.UZ” – Fan-texnika va marketing tadqiqotlari markazida tadbiq etilgan boʻlib, ma’lumotlarni qayta ishlash va qaror qabul qilish jarayoni vaqtini 15-20 foizga qisqartirish imkonini bergan.
4. Ilmiy tadqiqot bilan bog‘liq kelajakdagi rejalaringiz haqida aytib o‘tsangiz?
Kelgusi ilmiy-tadqiqot ishlarda mantiqiy mos kelmaslikni aniqlashda nominal alomatlarni ham hisobga olish, nominal alomatlardan miqdoriy alomatlarga oʻtib alomatlar toʻplamining informativligini baholash, chuqur oʻrgatishga asoslangan usullarni tadqiq qilishga bag‘ishlangan ilmiy-tadqiqotlar bilan izchil shug‘ullanish maqsad qilingan.
Otabek Usmonov tayyorladi.