Koreyaning Advanced instituti tadqiqotchilari tomonidan nogironligi bo’lgan insonlarning harakatlanishini ta’minlaydigan robot ishlab chiqildi.
Mazkur robot falaj hamda insult kasalligiga chalingan insonlar uchun mo’ljallangan bo’lib, uni kiyish orqali bemor harakatlana oladi.
Tadqiqot guruhi ushbu kiyiladigan robot ustida 2015-yildan beri doimiy ravishda ish olib bormoqda. Xususan, 2020-yilga kelib jamoa robotning yurish tezligini soatiga 3.2 kmga oshirdi. Bundan tashqari robot kundalik hayotda duch kelishi mumkin bo’lgan tor yo’lakcha, eshik va zinapoyalar kabi to’siqlardan o’tish qobiliyatini namoyish etdi.
“Biz taqdim qilgan mazkur robot boshqalariga nisbatan ancha qulay hisoblanadi. Misol uchun, bemorlar robotdan foydalanishi uchun kimningdir yordamiga muhtoj bo’lmaydi aksincha nogironlar aravachasida o’tirgan holda robotni kiyishi mumkin” deb, ta’kidladi professor Kyoungchul Kong.
Ta’kidlash joizki, ushbu robot 27-oktabr kuni bo’lib o’tgan “The Kibatlon ” musobaqasida yuqori natijalarni qayd etdi.