Qosimov Elbek Alisherovich 1985-yil 2-iyulda Namangan viloyati, Yangiqo‘rg’on tumanida tavallud topgan. 2007-yilda Namangan muhandislik-pedagogika institutining bakalavriat bosqichi, 2009-yilda esa shu institutning magistratura bosqichini tamomlagan. Mehnat faoliyatini 2009-yilda Namangan muhandislik-pedagogika instituti axborot resurs markazida yetakchi mutaxassis lavozimida boshlagan. Keyinchalik, Namangan muhandislik-qurilish instituti “Informatika va axborot texnologiyalari” kafedrasida o‘qituvchi sifatida faoliyat yuritgan. 2021-yilda “O‘zRFAM” T.O‘rozboyev nomidagi Mexanika va inshootlar seysmik mustahkamligi instituti tayanch doktoranti sifatida ilmiy faoliyatini davom ettirgan. Qosimov Elbek “Yer osti quvurlaridagi murakkab seysmodinamik jarayonlarni matematik modellashtirish” mavzusidagi ilmiy ishini Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot institutida muvaffaqiyatli himoya qilib Texnika fanlari falsafa doktori (PhD) darajasini oldi.
- Aytingchi siz tanlagan mavzu jamiyat uchun qanchalik ahamiyatli?
Men “Yer osti quvurlaridagi murakkab seysmodinamik jarayonlarni matematik modellashtirish” mavzusidagi ilmiy ishimni Toshkent davlat transport universiteti professori, fizika-matematika fanlari doktori Ibrohimjon Mirzayev rahbarligida himoya qildim. Hayotni ta’minlovchi yer osti quvurlar tizimi zilzila vaqtida talofotga uchramasligi muhim omil hisoblanadi. Ilmiy tadqiqotning dolzarbligi shundan iboratki, agar yer osti quvurlariga zilzila vaqtida zarar yetkazilsa katta falokatlarni keltirib chiqaradi. Bu esa o‘z navbatida epidemiyalarning vujudga kelishiga zamin yaratadi. Shu sababli zilzila vaqtida yer osti inshootlarining xavfsizligini ta’minlash ilmiy ishimning dolzarbligini belgilab beradi.
2. Tadqiqotingiz davomida qanday ilmiy natijalarga erishdingiz?
Tadqiqotimizning ilmiy yangiligi bo‘lib o‘tgan zilzilalarni instrumental yozuvlar asosida, ya’ni real zilzila yozuvlari asosida aniqlab, yer osti inshootlarni hisoblash uchun takomillashtirilgan matematik modellar hamda samarali sonli usullarni ishlab chiqish hisoblanadi. O‘z navbatida seysmik ta’sirlar, ya’ni garmonik to‘lqin, impuls to‘lqin, real zilzila yozuvlari asosida bir sinfga kiruvchi seysmodinamika masalalarini hisoblash algoritmi ishlab chiqildi. Disminomik masalalarni hisoblashda dastlabki ma’lumotlarni kiritishga qulay bo‘lgan foydalanuvchi interfeysi olingan natijalarni animatsion ko‘rinishini namoyish etish uchun animatsiya vositasi va grafik rejimlari yaratildi. Hamda umumiy bir sinfga kiruvchi seysmodinamika masalalarini yechish uchun avtomatlashtirilgan dasturiy hajmi ham ishlab chiqildi.
3. Ilmiy tadqiqotingiz qaysi sohalarda joriy qilingan?
Yer osti quvurlari tizimining seysmodinamik jarayonlarini tadqiq qilish uchun takomillashtirilgan matematik modellar, algoritmlar va avtomatlashtirilgan dasturiy majmuadan foydalanish natijasida bir qator natijalarga erishdik. Xususan, seysmik hududlarda yer osti quvurlarini loyihalash jarayonida avtomatlashtirilgan dasturiy majmuadan “Farg‘ona viloyati Quva tumani Boyiston MFY” hududida yashovchi aholi xonadonlarini ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida 8 km ichimlik suvi tarmog‘ini tortish uchun qurilish obyektida qo‘llanildi.
Shuningdek, Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumanini toza ichimlik suvi bilan ta’minlashda Uchqo‘rg‘on «Suvoqova» DUKga tegishli obyektida joriy qilingan. Ilmiy tadqiqot natijasida yer osti suv ta’minoti quvurlarini loyihalash jarayonida hisoblash vaqtining tejalishiga va mehnat unumdorligini 1,2 barobar oshirishga erishilgan.
4. Ilmiy tadqiqot bilan bog’liq kelajakdagi rejalaringiz haqida aytib o‘tsangiz?
Kelajakdagi maqsadlarimiz ushbu tizimni yanada takomillashtirish hamda chiziqsiz masalalarga o‘tish, ya’ni haqiqiy real obyektga yaqinlashish. Real obyektdagi jarayonlarni bevosita guruntning har bir qatlamida turli quvurlar hamda parametrlarda hisoblash ishlarni olib borish va quvur yemirilishini inobatga olish. Ya’ni quvurimizning mustahkamligini 9-10 ballik zilzila jarayonida aniqlab berishdan iborat.
Xususan, Turkiya, Yaponiyada sodir bo’lgan zilzilalardan keyin mamlakatimizda ushbu sohaga katta e’tibor qaratilmoqda. Sohani chuqur o‘rganish bo‘yicha barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan bo’lib, dunyo tajribasini o‘rganish asosiy amaliyotimiz hisoblanadi. Bilamizki, dunyo tajribasida ushbu sohada Yaponiya yetakchilardan biri sanaladi. Shu kabi zilzilali hududlarda joylashgan davlatlarning tajribalarni o‘rganib, ulardagi qurilish loyihalari bilan tanishib, O‘zbekistondagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish hamda dunyo tajribasini qo‘llash bizning asosiy maqsadimizdir.
Xumora Ziyodullayeva suhbatlashdi.