Dasturchilik sohasiga kirish uchun 7 ta foydali tavsiya

Cover Image for Dasturchilik sohasiga kirish uchun 7 ta foydali tavsiya

“13 yoshimda akam uyimizga yangi kompyuter sotib olib keldi. Qiziquvchanligim sabab, ushbu kompyuterni noto‘g‘ri foydalanish natijasida buzilib qolgan. Shundan so‘ng, aybimni berkitish va uni tuzatish uchun ko‘plab ustaxonalarga borib sarson bo‘lganman. Shu-shu, kompyuterni tushunish va uni chuqurroq o‘rganishga bo‘lgan qiziqishim dasturchi sohasiga yetaklab keldi…”

Hozirgi vaqtda IT texnologiyalari eng rivojlanib borayotgan sohalardan sanaladi. Xususan, ushbu tarmoqning taraqqiy etishida dasturchi kasbi muhim ahamiyat kasb etadi. Statistika maʼlumotlarga qaraganda dunyo miqyosida dasturchi eng serdaromad soha hisoblanib, yuqori oylik-maoshga ega kasblar reytingida 9-o‘rinni egallaydi. Tadqiqotchilarning fikriga ko‘ra, ushbu soha kelgusida eng yuqori pog‘onadan o‘rin olishi kutilmoqda. Shu jumladan, dasturchi sohasida taʼlim olishni istagan yoshlarning soni ham kun sayin ortmoqda. Ammo, har bir kasbda professional qobiliyatga ega bo‘lish uchun maʼlum bir bosqichdagi bilimlarni o‘zlashtirish talab etiladi. Dasturchi sohasiga kirish xususida, Raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti, dasturiy mahsulotlar bilan ishlab chiqarish sektori bosh mutaxassisi Abduraxim Jabborov o‘z faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan yoshlarga quyidagi tavsiyalarni beradi:

qiziquvchan bo‘lish – har bir dasturchi sohasiga kirmoqchi bo‘lgan yoshlar eng avval, taʼlim tizimdan tashqari qo‘shimcha manbalar yordamida o‘z bilimlarini mustahkamlagani maqsadga muvofiq;

mantiqiy fikrlashni oshirish –dasturchi sohasida eng yaxshi natijaga erishgan insonlarning aksariyati matematikaga va mantiqqa oid bilimlarini chuqurroq o‘zlashtirgan;

xorijiy tillarni o‘rganish – yaxshi dasturchi bo‘lish uchun xorijiy tillardan asosan ingliz tilini chuqurroq o‘zlashtirish zarur;

sabrli va izlanuvchan bo‘lish;

kasbiy layoqatni yaxshilaydigan badiiy adabiyotlarni o‘qish – misol uchun menda “Noldan birga”, “Raqamli qalʼa” singari kitoblar shaxsiy rivojlanishimga katta turtki bergan;

zamon bilan hamnafas bo‘lish – ijtimoiy tarmoqlarda foydali kontentlarni kuzatib borish. Masalan men «Freesodesamp», «Xaudi-xo», «Vinderton», «NVDIA» singari kanallarni kuzatib boraman;

har bir inson o‘zining shiorini tanlagani maʼqul. Men “bajarib bo‘lmaydigan ishning o‘zi yo‘q” shioriga amal qilaman.

Yuqorida keltirib o‘tilgan fikrlarga asoslanib taʼkidlash mumkinki, har bir sohaning sir-sinoatini o‘rganish zamirida kuchli va tinimsiz mehnat yotadi. IT sohasida izlanishlar olib borayotgan olimlarning fikriga ko‘ra “dasturchi qaysidir dasturlash tili yordamida dasturlar yarata oladigan ijodkor hisoblanadi”. Shuningdek, sohaga qadam qo‘ymoqchi bo‘lgan yoshlar nazariy ham amaliy bilimlar berib kasbga yo‘naltiruvchi ustozga shogird tushishlari professional dasturchi bo‘lishlarida muhim rol o‘ynaydi.