Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi bilan hamkorlikda “AILA in Uzbekistan Workshop” seminari o’tkazildi.
Mazkur seminarda xalqaro ekspertlar va BMT Taraqqiyot
dasturining mutaxassislari, Vazirlik va idora xodimlari hamda Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti vakillari ishtirok etdi.
Seminarda, sun’iy intellekt sohasida amalga oshirilgan xalqaro va milliy tajribalarni o’rganish, sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy qilish imkoniyatlari va SI boshqaruvi masalalari muhokama qilindi.
Xususan, seminar doirasida BMTTD tomonidan ishlab chiqilgan “AI Landscape Assessment” dasturi taqdim etildi. Ushbu dastur davlat tomonidan sun’iy intellekt yo’nalishida amalga oshirilgan barcha turdagi faoliyatlarni har tomonlama tahlil qilish, aholining sun’iy intellektga tayyorlik darajasini baholash va etika hamda boshqaruv jihatlarini mustahkamlash uchun muhim omillarni aniqlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, seminar davomida sun’iy intellektdan samarali va etika talablariga rioya qilgan holda foydalanish orqali barqaror rivojlanishga erishish uchun zarur bo’lgan infratuzilma va ko’nikmalarni shakllantirish bo’yicha yo’l xaritasi ishlab chiqish kabi muhim masalalar ham muhokama qilindi.







